Harbiy qasamyod – mardlik va sodiqlik ramzi

Nukus shahridagi markaziy maydonda hududdagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tashga kirishgan askarlarning harbiy qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug, Nukus shahar hokimligi xodimlari, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari, jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylarning ota-onalari, yoshlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda milliy armiyamiz o‘zining moddiy-texnik tomondan mustahkamligi, harbiy xizmatchilarning tayyorgarligi, tezkorligi, hozirgi zamon talabiga javob bera olishi bilan rivojlangan mamlakatlar bilan tenglasha oladi. Harbiylarimiz o‘zining tafakkuri va jismoniy tayyorgarligi, bilimi, zamonaviy texnika vositalarini puxta o‘zlashtirgani bilan ajralib turadi.

Armiyamizda xalqimizning tinch-osoyishta hayoti va or-nomusi uchun jonini fido etishga tayyor bo‘lgan yoshlar safi kengaymoqda. Qurolli Kuchlarimizda bo‘layotgan tarkibiy o‘zgarishlar askarlik salohiyatini oshirish bilan birga, armiya va xalq birligini ta’minlash bo‘yicha yangi davrni boshlab berdi.

Tadbirda joriy yil milliy armiyamiz saflariga qo‘shilgan yosh harbiylarning safda yurish tayyorgarligi, qo‘l jangida o‘zlashtirgan ko‘nikmasi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.

15.jpg

– Vatan uchun xizmat qilish har bir er yigitning burchi. O‘g‘lim Bahromning bugun harbiylar qatorida turganidan mamnunman. Uning harbiy qasamyod marosimini o‘tkazib yubormaslik uchun Toshkent shahridan keldim. O‘g‘limni ko‘rib, uzoq yo‘l charchog‘i ham chiqib ketdi, – deydi Sh.Zuhurova.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori rahbari M.Erniyozov so‘zga chiqdi.

 

Anvar Nasirlayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA