Toshkentdan Chimkentga qadar do‘stlik velopoygasi boshlandi

Navro‘z bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda 2018-yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida Toshkent – Chimkent – Toshkent yo‘nalishida do‘stlik velopoygasiga start berildi.

Shu munosabat bilan Abay haykali qad rostlagan Qozog‘iston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi oldida tashkil etilgan tantanali qo‘shni respublikadan tashrif buyurgan mehmonlar – Chimkent shahar hokimligi, madaniyat va sport sohasi mas’ullari, havaskor velosportchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Qozog‘istonning mamlakatimizda Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev va boshqalar ikki qardosh xalq munosabatlari qadim do‘stlik an’analari asosida tobora mustahkamlanib borayotgani, bu jihatlar barcha jabhalarda yaqqol namoyon bo‘layotganini alohida e’tirof etdi.

Do‘stlik rishtalarining yana bir ifodasi sifatida tashkil etilgan velopoygada ikki mamlakatdan jami 130 dan ziyod turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etmoqda.
Mazkur poyga masofasi 130 kilometrni tashkil etib, ishtirokchilar Chimkent shahridagi Astana ko‘chasida marra chizig‘ini kesib o‘tishadi.

Tadbir O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama xalqaro aloqalarni rivojlantirish, “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash, mamlakatlarimiz o‘rtasida sport sohasida hamkorlikni mustahkamlash hamda turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA