San’atkor uchun xalqqa zavq-shavq va quvonch ulashish katta baxt. Shahzoda taxallusi bilan muxlislar qalbidan joy olgan Zilola Musayevaning ham birdan-bir orzusi shu.

1491511593_8.jpgMamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan ishlarga monand Shahzoda bu galgi konsert dasturini poytaxtdan uzoqda yashayotgan muxlislari oldiga borib, namoyish etish niyatida.

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Shahzoda bu xaqda ma’lumot berdi.

Farg‘onada tug‘ilib, voyaga yetgan Zilola Musayeva bugun o‘zining muxlislariga ega. Shirali ovozi bilan Vatan chiroyini, xalqimiz orzu-niyatlarini, farovon hayotimizni kuylayotgan Shahzoda ijodida milliy va zamonaviy ijro uslubi uyg‘unlashgan. Undagi bu o‘ziga xoslik va joziba barchaga manzur bo‘lmoqda.

– Har yilning may oyida Shahzoda o‘zining katta dasturini namoyish etmoqda, – deydi xonandaning prodyuseri Davron Muqimov. – Bu safar muxlislarga shodlik ulashish, ular bilan yaqindan suhbatlashish va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida mamlakat bo‘ylab xizmat safariga chiqmoqchimiz. Yangi ijro va sevimli qo‘shiqlardan iborat «Shahzoda sening shahringda» deb nomlangan loyihamiz shu yilning 1-25 may kunlari Nukus, Urgench, Namangan, Andijon, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro kabi o‘n ikki shahar va tumanda namoyish etiladi. O‘ylaymanki, Shahzoda va muxlislar uchrashuvi unutilmas taassurotlarga boy bo‘ladi.

Matbuot anjumanida Shahzoda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA