APL tarixida uchta rekord yangilanadimi?

30-turga kelib 81 ochko to‘plashga ulgurgan Gvardiola shogirdlari bu mavsumda oxirigacha shu tezlikni tushirmasalar, primer liganing bir yo‘la uchta rekordini yangilab qo‘yishlari mumkin. Bular g‘alabalar, kiritilgan to‘plar va ochkolarning soni bo‘yicha APL rekordlaridir. Faqat “shaharliklar” bu marralarni zabt etish uchun oxirgi 8 ta o‘yindan yana 5 tasini g‘olib sifatida yakunlashlari, raqiblari darvozasini 19 bor ishg‘ol etib, 15 ochko to‘plashlari kerak bo‘ladi. 
Hozircha “Manchester Siti” 30-turdan so‘ng 81 ochko to‘plagan. To‘plar nisbati 85-20 bo‘lsa, 26 bahsda raqiblarini maydondan bosh egib chiqib ketishga majbur qilgan. Klubning bugungi salohiyatini inobatga olsak, bu unchalik qiyin masala emas. Chunki oldinda hali 8 ta tur mavjud.
Yuqoridagi uch yo‘nalish bo‘yicha APL rekordlarining barchasi Londonning “Chelsi” jamoasiga tegishli. “Aristokratlar” g‘alabalar bo‘yicha – 30 ta (2016-2017), kiritilgan to‘plar soni jihatidan: – 103 ta (2009-2010) va eng ko‘p ochko to‘plash – 95 (2004-2005) borasida Angliyada eng yaxshi bo‘lib turishibdi. Xosep Gvardiola esa bu uch rekordni jamoasi bilan bir mavsumning o‘zidayoq yangilash imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, qolgan turlarda “shaharliklar” primer liga doirasida “Everton”, “Mnchester Yunayted”, “Tottenxem”, “Suonsi”, “Ves Xem”, “Xaddersfild”, va “Sautgemton” jamoalariga qarshi bahs yuritishadi.

 

Oybek Haydarov, O‘zA.