Osiyoning eng yaxshi ayol kurashchisi O‘zbekistonda!

Osiyoning eng yaxshi ayol kurashchisi O‘zbekistonda!

Joriy yil 22-25 mart kunlari Hindistonning Puna shahrida kurash bo‘yicha Osiyo chempionati va 18 avgust – 2 sentabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan Yozgi Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Xitoy Taypeyi terma jamoasi Toshkent shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Xitoy Taypeyi terma jamoasi a’zolari orasida 2017-yil yakunlari bo‘yicha Osiyo – Okeaniya kurash konfederatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi ayol kurashchisi”, deb topilgan Yang Xsiyen-tzu (Xitoy Taypeyi) ham bor.

photo5276315586416191667.jpg

Yang Xsiyen-tzu 1985-yil 19-mart kuni Xitoy Taypeyining Tyunan shahrida tug‘ilgan. 5 yoshidan gimnastika mashg‘ulotlariga qatnagan. 11 yoshidan esa maxsus sport maktabiga qabul qilingan. Kurash, dzyudo bo‘yicha bir necha marotaba mamlakat chempioni. 2005-yildan kurash bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalar ishtirokchisi. Ikki karra jahon chempioni.

2017-yil Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan yopiq inshoatlar va jang san’atlari bo‘yicha V – Osiyo o‘yinlarida 78 kilogramm vaznda barcha raqiblari ustidan sof g‘alabaga erishib, oltin medalni qo‘lga kiritgan.

– Kurash vataniga kelganimdan mamnunman, – deydi Yang Xsiyen-tzu. – Kurash o‘zining jozibadorligi bilan meni rom etgan, ushbu sport turi irodamni sinovdan o‘tkazishga yordam beradi. Jamoamiz a’zolarining kurashni dunyoga taqdim etgan O‘zbekistonga hurmati juda baland.

Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan birgalikda o‘tkazilmoqda. Mamlakatimiz vakillari ikkita tarkibda jalb qilingan. Yig‘in 20-mart kuni yakuniga yetishi va polvonlarimiz 21-mart kuni Hindistonga uchib ketishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2017-yilning eng yaxshilari bo‘yicha nominatsiya g‘oliblarini taqdirlash marosimi joriy yilning 23-mart kuni Puna shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo – Okeaniya kurash konfederatsiyasi kongressida bo‘lib o‘tadi.

 

O‘zA

  13.03.2018, 11:47  |    87 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!