Afinada o‘tgan “Food Expo Greece – 2018” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillari ilk bor ishtirok etdi

Joriy yilning 10-12 mart kunlari Afinada oziq-ovqat va ichimliklar – “Food Expo Greece – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Beshinchi marta tashkil etilayotgan mazkur ko‘rgazma oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklariga mo‘ljallangan mintaqadagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri hisoblanadi. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan navbatdagi tadbirda AQSh, Avstraliya, Belgiya, Bolgariya, Gretsiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Italiya, Isroil, Polsha kabi dunyoning 22 davlatidan kelgan 1 ming 250 dan ziyod kompaniya va firmalar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Eksportni qo‘llab-quvvatlash fondi va O‘zbekistonning Gretsiyadagi konsulligi ko‘magida o‘zbekistonlik ishbilarmonlar ilk bor mazkur ko‘rgazmada ishtirok etdi.

photo5276447553581328702.jpg

Ko‘rgazma doirasida 70 mingdan ziyod ishtirokchi tashrif buyurgan bo‘lib, ularning 3,5 mingdan ortig‘i dunyoning 65 mamlakatidan kelgan xaridor va mutaxassislar ekani ko‘rgazmaning mintaqada nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat.

photo5276447553581328696.jpg

Xalqaro forumda oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar tayyorlash sohasidagi eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalar namoyish etildi.

photo5276447553581328700.jpg

O‘zbekiston milliy stendi ostida taqdim etilgan quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, qandolatchilik mahsulotlari, makaron, biologik faol qo‘shimchalar, quritilgan mevalarni qayta ishlash, asal, spirti ichimliklar ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

photo5276447553581328701.jpg

Xalqaro forumda o‘zbekistonlik ishbilarmonlarning Gretsiya, Niderlandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, Pokiston, Polsha, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Xitoy kabi davlatlarning yetakchi kompaniya vakillari bilan B2B doiradagi uchrashuvlari tashkil etildi. Muzokaralarda O‘zbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavotlar, oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hamda xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan zamonaviy ixcham texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish bo‘yicha qiymati 28 million dollarlik shartnomalar imzolashga erishildi.

Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

 

O‘zA