“SCORPION”ga katta ishonch bildirilmoqda

“SCORPION”ga katta ishonch bildirilmoqda

Shu yilning 1-martidan suratga olish ishlari boshlangan “SCORPION” trilleri o‘zbek kinosida yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.

Xorijlik mutaxassislar ham jalb etilgan mazkur film haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev ijtimoiy sahifalari orqali quyidagi fikrlarni bildirgan: “Bu ishlar tariximizda birinchi marotaba tashkil qilinmoqda. Barchangizga omad tilayman. Natijasi bilan bersin. Bu yoshlar hali ko‘p ishlar qilishiga ishonamiz”.

Bejiz yosh kinoijodkorlarning bu ishiga “tarixda birinchi marta” degan ta’rif berilmayapti. Ayrim sahnalari Buxoro viloyatida suratga olinayotgan trillerda bugungi kunning dolzarb muammosi – xalqaro jinoyatchilik mavzusiga yoshlar nigohi bilan qaraladi.

E’tiborli jihati shundaki, triller uchun xorijdan tajribali mutaxassislar taklif etilgan. O‘zbekistonlik yoshlar ulardan soha sirlarini o‘rganmoqda.

437b21be-91c2-46da-b5c9-0d9ff925052b.jpg

Suratga olish maydonida aktyorlar ovozi “toza” holda yozilib, qayta ovozlashtirilmaydi. Bu esa aktyorlardan o‘z ishiga o‘ta jiddiy yondashish, qahramonining har bir so‘zini yodlash, his qilishni talab etadi. Rossiyadan loyiha uchun yurtimizga maxsus tashrif buyurgan mutaxassislar film kadrlarini suratga olish maydonining o‘zida xomaki montaj qilib boradi.

Film ijodiy va texnik jamoasini O‘zbekiston, Rossiya, AQSh va Germaniya mutaxassislari tashkil etadi. Suratga olish ishlari Toshkent shahri va Buxoro viloyati, shuningdek, Rossiya va Marokashda bo‘lib o‘tadi.

Loyihaning katta shov-shuvga sabab bo‘lgan voqeasi sifatida unda turkiyalik mashhur aktyor Murat Yildirimning (o‘zbek tomoshabinlariga “Osiyo” serialidagi Demir roli bilan yaxshi tanish) ishtirokini qayd etish mumkin.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA

  13.03.2018, 11:14  |    103 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!