O‘zbekistondagi inson huquqlari masalasi BMT muhokamasida

Inson huquqlari bo‘yicha BMT Kengashi taqvimiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining navbatdagi 3-Milliy davriy ma’ruzasi joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Kengashning 30-sessiyasida ko‘rib chiqiladi. 

Bu haqda parlament quyi palatasida “Inson huquqlari bo‘yicha BMT Kengashi 16/21 rezolutsiyasining 5 ilovasiga taqdim etilgan uchinchi milliy ma’ruzasi yuzasidan qo‘mitalar eshituvi”da ta’kidlandi.

O‘zbekiston taqdim etadigan 3-Milliy davriy ma’ruza oldin taqdim etilgan ma’ruzalar yuzasidan BMTning shartnomaviy organlari va Inson huquqlari bo‘yicha Kengash tomonidan bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan. U 2014-yil 14-dekabrda tasdiqlangan Milliy harakatlar rejasiga muvofiq, 60 dan ortiq davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Bosh Komissariati va BMTning O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan agentliklari ekspertlari ko‘magi va ishtirokida tayyorlangan.

Shu paytga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha BMT Kengashiga ikki marotaba – 2008-yil dekabrda va 2013-aprelda bo‘lib o‘tgan 3- va 16-sessiyalarda Milliy davriy ma’ruzalar taqdim etilgan bo‘lib, ularda davlatimiz qo‘shilgan inson huquqlari sohasidagi 70 dan ortiq xalqaro hujjatlarning mamlakatimizda qanday ijro etilayotgani xususida batafsil ma’lumotlar berilgan.

 

Farhod Erkinov