Lord Muhammad Iltaf Shayx: “Ulug‘bek hayot bo‘lganida o‘zbeklar birinchi bo‘lib oyga safar qilardi”

 

Davlatimiz rahbari shu yil 16-fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, o‘tgan qisqa fursatda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada katta islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani, galdagi vazifa – ushbu tuzilmalar bilan xalqaro markazlar o‘rtasida ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, buyuk ajdodlarimiz merosini dunyo bo‘ylab keng targ‘ib etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Ana shu maqsadda mamlakatimizning yetakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga safar qilib, ilmiy doiralar, ta’lim va madaniyat muassasalari vakillari, ziyolilar, diniy soha namoyandalari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda yirik siyosat arbobi, Lordlar palatasi vakili lord Muhammad Iltaf Shayx boshchiligida “Ko‘hna qit’a”dagi naqshbandiylik tariqati vakillari, ulamolar, turistik kompaniyalar mutasaddilari qatnashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, halol standartining joriy etilgani, yurtimizdagi tabarruk manzillarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar xususida ma’lumot berildi. “O‘zbekiston – islom madaniyati javohiri” mavzusidagi taqdimot va film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Lord Muhammad Iltaf Shayx O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi islohotlar mamlakatimiz xalqaro nufuzining yanada yuksalishiga, turli sohalarda O‘zbekistonning do‘stlari va ishonchli hamkorlari soni ortishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.

“O‘zbekiston islom madaniyati, fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Agar Mirzo Ulug‘bek hozir hayot bo‘lganida o‘zbeklar birinchi bo‘lib oyga safar qilgan bo‘lardi. Al-Xorazmiysiz zamonaviy texnologiyalar bo‘lmas edi. Jahon hamon tibbiyotni Ibn Sino asarlari asosida o‘rganmoqda. Biz radikallashuvga O‘zbekiston madaniyati vositasi bilan qarshi kurashishimiz kerak. Sizlar Imom Buxoriy hadislarini ingliz tiliga tarjima qilib, sharhlab bering. Biz bu kitoblar bilan jaholatga qarshi kurashamiz”, dedi lord Muhammad Iltaf Shayx.

Aytish joizki, Britaniyada buyuk ajdodlarimiz Abduxoliq G‘ijduvoniy asos solgan va Bahouddin Naqshband takomiliga yetkazgan xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari iqtiqomat qiladi. Ularning 70 dan ziyod jamoasi Britaniyaning turli shaharlarida keng tarqalgan.

“O‘zbekistonda Bahouddin Naqshband hazratlari va tasavvuf allomalari ilmiy merosiga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida eshitib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. O‘zbekistondagi yetti pir qadamjolarini ziyorat qilish, G‘ijduvoniy va Naqshband hazratlarining tavallud sanalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish orzusidaman. Bu yurt jahonga ruhiy tarbiya ustozlarini taqdim etgan zamin sifatida biz uchun hamisha qadrli bo‘lib qoladi”, dedi Buyuk Britaniyadagi naqshbandiya tariqati yetakchilaridan biri shayx Zimer Solihiy.

Uchrashuv qatnashchilarining fikricha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilajak yetti pirga bag‘ishlangan xalqaro seminar va konferensiyalar shunisi bilan ham ahamiyatliki, naqshbandiya ta’limoti ulamolari, tadqiqotchilarini bir yerga jamlash va ular o‘rtasida doimiy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bu esa ilgari kuzatilmagan hodisadir.

Shuningdek, uchrashuvda Buyuk Britaniyadagi ziyorat turizmi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya vakillari qatnashib, O‘zbekistonga maxsus sayohatlarni tashkil etish haqida muloqot qildi.

“Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz kabi tarixiy shaharlarga sayohat qilish britaniyaliklar uchun juda ham qiziqarli. To‘g‘ri, avvallari ham turistlarimiz O‘zbekistonga borgan. Lekin ular kam sonli edi. Kompaniyamiz maqsadi britaniyaliklar uchun jozibali marshrutlarni belgilashdir. Britaniyalik musulmonlar Islomning muqaddas shaharlari – Makka va Madinadan keyin Samarqand va Buxoroni ziyorat qilishni istaydi”, dedi “El-Sawi” kompaniyasi rahbari X.Al-Saviy.

“Ko‘p musulmon davlatlarida, tarixiy shaharlarda bo‘lganman. Hech qanday mubolag‘asiz aytmoqchimanki, O‘zbekiston haqidagi filmni tomosha qilib, yurtingizga mahliyo bo‘ldim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan turib ilgari surgan tashabbuslarini eshitdik. Bu takliflar hozirgi murakkab davr uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashishda islomning asl manbalari – Imom Buxoriy hadislari, Nasafiy tafsirlariga murojaat qilish kerak. O‘ylaymanki, islom madaniyatini tushunmoqchi bo‘lganlarni O‘zbekistonga olib borish zarur. Ular islomning haqiqiy mohiyatini shu yerda ko‘radi. Meni O‘zbekistonda nashr etilgan Imom Buxoriy hadislari to‘plami – “Oltin silsila” kitobi juda ham qiziqtirdi. Bugungi kunda nafaqat Yevropada, balki boshqa mintaqalarda ham hadislarni turlicha tarjima qilish va sharhlash harakatlari kuzatilayotganini hisobga olsak, bu ishni amalga oshirishga islomning asl g‘oyalari tarqalgan yurt, Imom Buxoriyning chin vorislari birinchi galda haqli deb hisoblayman”, dedi londonlik imom Muhammad Said.

Muloqotlar samimiy va do‘stona ruhda kechdi. Ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish, Buyuk Britaniya jamoatchiligi uchun O‘zbekiston haqida maxsus ko‘rgazmalar tashkil etish taklifini bildirdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga safari davom etmoqda.

 

O‘zA