Jenevada BMTning Inson xuquqlari bo‘yicha kengashi 37-sessiyasi ish boshladi. 
2212121212.jpgInson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgan sessiyada Inson xuquqlarini ta’minlash va himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilinayotir. Oliy darajadagi tadbir Segmentida 180 dan ziyod mamlakatdan 3 mingdan ortiq vakil, jumladan, davlat va hukumat, vazirliklar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Zeyd Raad al Husayn va BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi raisi Miroslav Laychak so‘zga chiqib, butun dunyoda inson xuquqlariga rioya qilish va ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etgan.
Tadbirda O‘zbekiston nomidan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.
Oliy darajadagi Segmentda so‘zga chiqqan Adliya vaziri R.Davletov tadbir ishtirokchilarini O‘zbekistonda fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. O‘zbekistonning ushbu sohada BMT bilan hamkorligining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning aholi bilan muloqotni rivojlantirish maqsadida yuritayotgan Xalq qabulxonalari orqali ularning shikoyat va murojaatlarini ko‘rib chiqish, joylarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks ravishda hal etish bo‘yicha o‘ziga xos tajribasiga oid ma’lumot berildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishning butunlay yangicha, eng avvalo, jinoyatchilikning oldini olish va uni erta aniqlashga yo‘naltirilgan tizimini joriy etish masalasi haqida so‘z yuritildi. Sud-huquq sohasi va jinoyatni fosh etish tizimidagi islohotlar, xususan, Sudyalar oliy kengashining ta’sis etilgani, yangi iqtisodiy va ma’muriy sudlarning tuzilgani, yurtimizda ilk bor joriy etilgan fuqarolarni avf etish, jinoyatchilikda noqonuniy dalil turlarini qabul qilish, ayniqsa, jismoniy kuch ishlatish va boshqa zo‘ravonlik turlarini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablarning amalga oshirilishiga doir dastlabki natijalar taqdim etildi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish va davlatimizning yangicha bo‘lgan ochiq moliyaviy, savdo, soliq va investitsiyaviy siyosatini joriy etish masalasi ishtirokchilar e’tiborini jalb etdi.
Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini ta’minlash sifatini yanada yaxshilash, O‘zbekistonning sohaga oid xalqaro hamkorlikni faollashtirish borasida olib borayotgan izchil ishlari, xalqaro tashkilotlarning respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bergan ijobiy bahosini hisobga olgan holda, yuksak darajali Segment yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston 2021-2023 yillar mobaynida Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida saylanish istagini ilk bor bildirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar, jumladan, 2018-yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi yuksak darajali Segment uchrashuvi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Norgul Abduraimova,O‘zA