Kurash bo‘yicha yangi chempionlar

Buxoro shahridagi olimpiya zaxiralari kollejida kurash bo‘yicha erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan polvonlar g‘oliblik uchun gilamga tushdi.

Uch kun davom etgan musobaqada o‘z vazn toifasida erkaklar o‘rtasida Toshkent viloyatidan Farid Amrullayev, buxorolik Ma’ruf G‘aybullayev, Qashqadaryo viloyatidan Davlat Abrayev, Ilhom Jo‘rayev, samarqandlik Sarvar Shomurodov, Surxondaryodan Shermuhammad Jandiriyev, poytaxtlik Bekmurod Oltiboyev oltin medalga sazovor bo‘ldi.

6.JPG

Xotin-qizlar o‘rtasida Samarqand viloyatidan Nodira Gulova, Surxondaryo viloyati vakilalari Gulnora Sulaymonova, Rinata Ilmatova, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Amangul Allanazarova, xorazmlik Tursunposhsho Nurmetova, Rahima Yo‘ldosheva, Jizzaxdan Adiba O‘rozboyeva, poytaxtlik Gulnoza Matniyozova ham mamlakat chempioni bo‘ldi.

19.jpg

– Avvalo, mezbonlar musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rganini e’tirof etish lozim, – deydi kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rizamat Soliyev. – Yana bir muhim jihati, chempionat kuchli raqobat muhitida o‘tdi. Musobaqa yangi nomlarni kashf etganligi bilan esda qoldi.

Milliy qadriyatimiz hisoblangan kurashimizning xalqaro nufuzi tobora oshib bormoqda. U birinchi bor Indoneziyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgani ham bejiz emas. Musobaqada erkaklar 66, 81, 90 va 90 kilogrammdan ziyod, ayollar 52, 73 va 78 kilogramm vaznlar toifasi bahslashdi.

O‘zbekiston chempionati g‘oliblari va boshqa sovrinli o‘rinlar sohiblari medallar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA