Atletlarimiz xalqaro turnir shohsupada

Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Unda 1999-2001 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qizlar ishtirok etib g‘oliblik uchun kuch sinashdi. 

Turnirda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan atletlar musobaqaning balandlik, uzunlik va uch hatlab sakrash bo‘yicha bahslarda bellashdi.
Musobaqada hamyurtlarimizdan Alina Yablokova, Olga Shlentova, Roksana Xudoyarova, O‘g‘iloy Abdulazizova, Asilbek To‘raqulov, Vadim Chikalov, Islom Sibagatulin, Aleksandr Stepanov o‘z yosh toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Turli masofaga yugurish bahslarida Violetta Ivanina, Tatyana Ribakova, Sabina Umarova, Veronika Grishina, Sanoat No‘mlnjonova, Umid O‘ktamov, Temur Musayev, Humoyun Mahmudov, Dilshodbek Boboqulov, Nodir Mutolipov marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.

To‘siqlar osha 60 metrga yugurishda Violetta Ivanina va Rahmonjon Itolmosov yoshlar o‘rtasida barcha raqiblarini ortda qoldirgan bo‘lsa, Xurshidabonu Holliyeva hamda Samariddin Nuriddinovga o‘smirlar o‘rtasida hech kim teng kela olmadi.

Turnirning yadro uloqtirish bahslarida Islom Toshpo‘latov va Rigina Adashboyeva, Zebiniso Kamoldinova hamda Shahzod Mardonov yoshlar o‘rtasida g‘alaba qozondi.
Xalqaro turnirda umumjamoa hisobida O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Tojikiston va Qirg‘iziston termalari ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni egalladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA