Uyg‘oq yurakli shoir

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Azim Suyun tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko‘chimov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, filologiya fanlari doktori, professor Q.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi I.G‘ofurov va boshqalar shoirning yaxshi suhbatdosh, sadoqatli do‘st, qalbi keng, mehri daryo inson ekanini ta’kidlab, uning hayoti va ijodidan namunalar, lavhalar so‘zlab berdi.

Azim Suyun Samarqand viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgach, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, «Xalq so‘zi», «O‘zbekiston ovozi» gazetalari tahririyatlarida faoliyat yuritdi.

Shoirning «Mening osmonim», «Zarb», «Ey do‘st», «Zamin taqdiri», «Xayolot», «Ziyo yo‘li», «Jazo» «Olis tonglar», «Kuyganim – suyganim», «Qora ko‘zing sening» «Sharq hikmati», «Saylanma» kabi kitoblari nashr etilgan.

– Elimizning ardoqli shoiri Azim Suyun garchi avtobiografik maqolalarida o‘zining adabiyotga kech kirib kelganini ko‘p ifodalasa-da, lekin adabiyotda o‘z o‘rnini juda tez topgan shoirlardan, – deydi yozuvchi Sobir O‘nar. – Sababi, u o‘ziga tengqur bo‘lgan adibu shoirlardan qolishmasdan, balki yanada samaraliroq ijod qilgan. Uning she’rlarini o‘qigan kishi hayotiylikni, yoshlarga berilayotgan o‘gitni, ta’lim-tarbiyani, ota-onaga hurmat, ulug‘larga ehtiromni ko‘radi. Shoirning kitoblari bugun ham, ertaga ham o‘qiladigan va o‘quvchiga foyda beradigan ijod mahsullaridir.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA