Mahsulotlar muvofiqlik sertifikati 3 kunda rasmiylashtiriladi

Prezidentimizning 2017-yil 28-apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va certifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “O‘zstandart” agentligi yangi maqsad va vazifalar ijrosiga kirishdi.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida “O‘zstandart” agentligi bosh direktori A.Karimov va soha mas’ullari islohotlarning yangi bosqichida tizimda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zladi.

Agentlik mahalliy mahsulotlarning zamonaviy talablarga muvofiqligi, xavfsizligini ta’minlash, tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalalarida qulay sharoitlar yaratish, metrologiya tizimini yanada rivojlantirish kabi qator vazifalarni bajarmoqda.

Jurnalistlar agentlikning o‘tgan yilda amalga oshirgan ishlari, istiqbolli rejalari bilan qiziqdi.

Халкаро пресс-клуб (2).jpg

Ta’kidlandiki, Prezidentimizning 2017-yil 21-iyundagi “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan keltirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muddati 3 ish kunigacha qisqartirildi. Shuningdek, mahsulotlarni sertifikatlashtirishdan ularni deklaratsiyalash yo‘li orqali muvofiqligini baholash tizimiga o‘tilmoqda.

Ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish mexanizmlaridan biri – bu mahsulotlarni sertifikatlashtirish tizimidir. Sertifikatlashtirish jarayonida mahsulot sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazish orqali belgilangan talablarga mosligi aniqlanadi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yildagi sertifikatlashtirish jarayonida 141 milliard 547 million so‘mlik mahsulot yaroqsiz deb topilgan. Ularning asosiy qismini import mahsulotlari tashkil etgan va ichki bozorga kiritilishining oldi olingan.

O‘tgan yili sertifikatlashtirish idoralari tomonidan o‘tkazilgan inspeksiya nazorati chog‘ida ishlab chiqarishga rasmiylashtirilgan 1815 muvofiqlik sertifikatida kamchiliklar aniqlanib, ularning amal qilish muddati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Joriy yilda agentlik tomonidan “Halol” standarti qabul qilindi. Aytish joizki, “Halol” standarti O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq milliy akkreditatsiyadan o‘tkazilgan sertifikatlashtirish idoralari tomonidan qo‘llaniladi.

Agentlik Toshkent shahri bozorlarida sotilayotgan bolalar o‘yinchoqlarini tekshirdi. Natijada 5 turdagi bolalar o‘yinchoqlari tashqi ko‘rinishi va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha me’yoriy talablarga nomuvofiq deb topildi. Bolalar shaqildog‘i, chiyildoq koptok, qo‘g‘irchoqlar, qurol-aslaha to‘plamlari, yonib turuvchi turli o‘yinchoqlarda nuqsonlar borligi, formaldegid moddasining miqdori me’yordan bir necha barobar yuqori ekani aniqlandi va iste’moldan chiqarildi.

Press-klub sessiyasida o‘yinchoq xarid qilishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar aytildi. “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari maslahatiga ko‘ra, o‘yinchoq sotib olishda, avvalo, uning sifatiga, nuqsonlari yo‘qligi va taratayotgan hidiga e’tibor qaratish kerak. O‘yinchoqdan haddan ziyod o‘tkir hid taralayotgan bo‘lsa, demak, unda formaldegid moddasi ko‘p va bu bolalar salomatligi uchun zarardir.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA