Yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarni ishonchli, barqaror va arzon narxdagi mobil aloqa bilan ta’minlash maqsadida mamlakatimizdagi aeroport, avtovokzal va mashhur sayyohlik maskanlarida mobil sim-kartalar savdosi bo‘yicha servis yo‘lga qo‘yiladi. Ular qimmatbaho roumingning qulay muqobili bo‘lib, turistlarga mablag‘ini tejash imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, bunday sim-kartalarni xarid qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi imkon darajasida soddalashtirilgan bo‘lib, bunda sotib oluvchidan faqat pasport talab etiladi. Ayrim sabablarga ko‘ra, mobil telefoni bo‘lmagan yoki telefonidagi sim-kartani almashtirishni istamagan sayyohlar uchun ikki turdagi telefon yoki mobil routerni ijaraga berish xizmati taqdim etiladi.
Router – internet-trafik paketini o‘z ichiga olgan, sim-karta bo‘lgan taqdirda Wi-Fi tarmog‘idan foydalanish imkonini beruvchi qurilma. U bir necha qurilmaning simsiz ulanishini amalga oshirib, oilalar hamda sayyohlar guruhi foydalanishi uchun qulay va tejamkor usul hisoblanadi.
“Uzmobile” kompaniyasi maxsus tariflarni ishlab chiqqan ilk kompaniya bo‘ldi. Tarif 30 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, so‘zlashuv daqiqalari va internetga ulanish trafigidan iborat hamyonbop va qulay paketni o‘z ichiga oladi. Sim-kartaga qo‘shimcha ravishda brelok ham beriladi. Kalitga ilib qo‘yiladigan ushbu brelok orqali istagan paytda o‘z telefon raqamini bilish mumkin bo‘ladi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA