Qoraqalpog‘istonda Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti aniqlandi

Nukusda “Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, diniy ekstremizmga qarshi kurashishda ichki ishlar organlari bilan xalqning birdamligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Eng namunali profilaktika inspektorlari, mahalla oqsoqollari, posbonlar, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, xotin-qizlar kengashlari raislari faoliyati o‘rganilib, tanlov nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

2.jpg

Chimboy tumani “Shohtemir” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 161-ichki ishlar organlari tayanch punkti birinchi, Nukus shahri “Temir yo‘l” va “Barakat” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 1-ichki ishlar organlari tayanch punkti ikkinchi va Amudaryo tumani “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 223-ichki ishlar organlari tayanch punkti uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, “Eng faol profilaktika inspektori”, “Eng faol mahalla posboni”, “Ibratli xotin-qizlar qo‘mitasi raisi” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Anvar Nasirlayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA