Kitob o‘qiganim uchun Prezident sovg‘asini oldim!

Eng yaqin do‘stim – kitob bilan zerikish nimaligini bilmayman. Badiiy asarlar o‘qish jonu dilim. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan qo‘limga kitob olaman. Bu qalbimga, ruhimga sokinlik beradi. Bu jarayonni tasvirlab berish qiyin. Adabiyot, tarixni yaxshi ko‘raman. She’riyatga oshuftaman.

photo5213473948518426819.jpgAllomalarimiz asarlari bitmas-tuganmas xazina, boylik. O‘qiganim sari tashna bo‘laveraman. Mutolaa qilarkanman asar meni o‘ziga asir etadi. Boshqa ish haqida o‘ylamayman. Asar qahramoniga aylanaman, go‘yo. O‘qib bo‘lgach, o‘zim bilan o‘zim muhokamaga kirishaman. “Kim nima qilishi kerak edi, balki voqeaga boshqacharoq yondashsa bo‘lardi yoki uning yechimini o‘zgartirsa bo‘larmidi”, deb.

O‘qigan asarlarim qahramonlari, voqealarini qisqacha qilib yozib boraman. Uni o‘qishim bilan kitobni qayta o‘qigandek bo‘laman.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi e’lon qilingach, unda ishtirok etishni maqsad qildim.

Avvallari ham bilimlar bellashuvi, ona-tili va adabiyoti fani bo‘yicha ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalarida ishtirok etganman. Lekin bu tanlov juda boshqacha bo‘ldi. Ishtirokchilarning bilimi, saviyasi, darajasi yuqori ekani, ko‘p kitob o‘qishgani ko‘rinib turgandi. Ularni ko‘rgach, biroz cho‘chidim ham.

Tanlovning mamlakat bosqichida g‘olib bo‘lib, “Spark” avtomashinasini yutib oldim. O‘zim uchun, shaxsiy kamolotim uchun kitob o‘qiganimni inobatga olib Prezidentimiz sovg‘a berishlari kutilmagan tuhfa bo‘ldi. Axir o‘qiganim o‘zim uchun foyda-ku.

Ko‘plab kitoblar olib berib, o‘qishimga rag‘bat bergan ota-onamga ushbu mashinani sovg‘a qilaman.

Mohiniso Shomurodova
Samarqand viloyati, Narpay tumani
17-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi