Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi tomonidan nogiron, yoshi ulug‘ keksalarga fuqarolik pasporti ularning uyiga borib topshirilmoqda. Soha xodimlari fuqarolik pasporti uchun zarur bo‘lgan rasm va barmoq izlarini olishga mo‘ljallangan mobil qurilma vositasini aholi xonadonlariga olib borib, xizmat ko‘rsatmoqda.

Zangiota tumanidagi “Sortepa” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, nogironligi bo‘lgan Abdurahmon Ortiqboyevga tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolik pasporti topshirildi.

– Davlatimiz tomonidan o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilmoqda, – deydi A.Ortiqboyev. – Mutaxassislar imkoniyatim cheklanganligini hisobga olib, mobil qurilma yordamida uyimda tez fursatda qulay xizmat ko‘rsatdi. Hech qanday ortiqcha ovoragarchilik, qiyinchiliklar bo‘lmadi. Ularning beminnat yordami bilan bugun yangi fuqarolik pasportimni qo‘limda ushlab turibman. Bunday qulayliklarning bo‘lgani qanday yaxshi!

 

Abdulaziz Musayev, O‘zA