Mamlakat chegaralari millat ma’naviyatidan boshlanadi

Siz nima deysiz?

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat va xususiy telekanallar orqali namoyish etilayotgan xorij, xususan turk seriallari qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ularning milliy mentalitetimizga zidligi, ma’naviyatimizga, oilaviy qadriyatlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani keskin qoralanmoqda.

“Facebook” o‘zbek sigmenti foydalanuvchilari

Ziyovuddin Rahim: 

— Shahvatparastlikka moyil qiluvchi, oilalar tinchligini buzadigan, imonga, odob-axloqqa rahna soladigan” bunday seriallarni namoyish qilishni millatga nisbatan xiyonat deb baholaydi. Uning bu fikrlari tarmoqda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
 
Xato qilgan bo‘lsam, aybimni tan olib, uzr so‘rash menga qiyin emas. Biroq, seriallar borasida o‘zimni haq deb bilaman. To‘g‘ri, azbaroyi millat ma’naviyatini oyoq osti qilayotgan, yoshlarni buzayotgan, jamiyatimiz tinchligiga zimdan tahdid solayotgan seriallarni yomon ko‘rganimdan iboralarni keskin ifodalaganim rost. Bunga iqrorman. Lekin, biz masalaning mohiyatiga qaraylik, azizlar! 

Zarif Sultoniy:

– Bu seriallarni bizga xorijliklar tiqishtirayotgani yo‘q! O‘zimizdan chiqqan ba’zi “madaniyat” tujjorlari bilib turib, qastdan shunday sarqitlarni xalqimizga yedirmoqchi bo‘lishyapti. Bundan ko‘zlangan ikkita maqsadlari bor: birinchidan, kanallarining reytingini oshirib, cho‘ntaklarini qappaytirish, ikkinchidan, shusiz ham ma’naviy inqirozga yuz tutgan va uzoq yillar mudroq bosib yotgan millatimizni alla aytib yana uxlatish.

Shaxnoza Tadjibayeva:
— Qozonda bori cho‘michga chiqadi. Serilallar ayollarning, yoshlarning tarbiyasiga, ongiga salbiy ta’sir qilayotgan bo‘lsa, unda ularning yelkasidagi kalla emas, bo‘mbo‘sh oshqovoq ekanda. Oilamizda seriallar umuman ko‘rilmaydi. Qarshiligimdan emas, bunga vaqt yo‘qligidan ko‘rilmaydi.

Televizorda berilayotgan ko‘rsatuv sizga yoqmaydimi, ko‘rmang. Dardmandlar bor o‘sha kinolar bilan chalg‘iydi. Ishdan kelganda bir oz kino ko‘rsa, ko‘ribdi. Holid Husayning ” Ming quyosh shu’lasi” romanida tolibonlar telvizorni “shayton uyasi” deb pachoqlab, ko‘rganlarni darralab urishadi. Nima biz ham shunday yo‘l tutishimiz kerakmi?
Qarshimisiz – ko‘rmang. Bolalaringizga ham ko‘rsatmang. Bozorga borsangiz sotuvchi oling deb majburlagan narsani emas, o‘zizga keraklisini olasizku. Telvidiniye ham huddi bozorga o‘xshaydi. Tanlash imkoniyati bor! Nimani tanlash o‘zingizga, didingizga bog‘liq.

O‘ylab qarasam, nafaqat turk kinosi (seriallari), balki turk adabiyotini ham yaxshi bilmas ekanman. Bilganim Yunus Emroning ikki-uchta she’ri, Aziz Nesinning besh-oltita hajviyasi, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”, Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” va “O‘gay ona” romanlari – shu. Ha, Ahmad Unal Chamning kichik hikoyalarini ham o‘qiganman. Biroq turklarning katta adabiyoti, katta yozuvchilari bor. Nobel mukofoti sohibi O‘rxon Pomuk ulardan biri. Uning “Qora kitob”, “Qor”, “Istambul – xotiralar shahri” singari asarlari haqida eshitganman. Ammo o‘qimaganman. Chunki uning birorta ham kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Shunday yozuvchini bilmasam, tanimasam uyat bo‘lar, degan xayolda Sankt-Peterburgning “Azbuka” nashriyotida chop etilgan “Muzey nevinnosti” (“Masumiyet muzesi”) kitobini sotib odim.

Kitobda 1975-yildagi Istanbul shahri hayoti qalamga olingan. Voqealar asarning bosh qahramoni, o‘ttiz yoshli Kamolbey tilidan hikoya qilinadi. Kamol tez kunda Sibel ismli go‘zal qizga uylanishi kerak. Uning o‘zi aytganidek, “Istambul aslzodalari ularni ajoyib juftlik”, deb hisoblaydi. Ammo u “Shanzelize” do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlaydigan “yaqindagina o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, uzoq qarindoshi” Fusunni yoqtirib qoladi. Fusun ilk uchrashuvdayoq o‘z iffatini Kamolga tuhfa qiladi.

Yozuvchi o‘z qahramonlari timsolida zamonaviy qizlarning iffat bobidagi qarashlarini tahlil qiladi. Nikohsiz, to‘ysiz sevgan insoniga iffatini baxshida etgan qizlarning bu qarorini jasorat deb baholaydi.

O‘quvchi yevropaliklarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib yashaydigan Istambul aslzodalari, yoshlarining hayotini kuzatar ekan, fahsh, xiyonat, mol-dunyoga o‘chlik, ichkilikbozlik ularning kundalik hayotiga aylanib, imon-e’tiqod masalalari yuzakilashib qolganiga guvoh bo‘ladi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keskin qoralanayotgan turk seriallaridagi ma’naviy bo‘shliqning ildizi shu kabi asarlarda emasmikan, deb o‘ylanib qoldim.

“Men seni sevaman, Mariya Lopes!”

Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, 70 foizdan ziyodroq aholimiz teleseriallarni ko‘rar ekan. Tomoshabinlar auditoriyasining asosiy qismi xotin-qizlar, qariyalar va uy bekalaridan iborat. Xo‘sh, qolgan 30 foiz aholichi, deylik erkaklar, yoshlar? Ular ham ko‘rishadi. Biroq buni tan olmaslikka harakat qilishadi. Masalan, “Qashqirlar makoni”, “Muhtasham yuz yil”, “Ko‘sem”, “Ichkarida” teleseriallari ixlosmandlarining katta qismini erkaklar tashkil etadi va ular orasida ziyolilar ham anchagina.

Psixologlar teleseriallarga mukkasidan ketish sababini odamlarning shaxsiy muammolardan chalg‘ish, ruhiy taskin olish, hayotga muhabbat hissini kuchaytirish istagi bilan asoslaydilar.

Seriallar bizning teleekranlarimizda 1988-1990 yillarda paydo bo‘lgan edi. “Izaura”, “Oddiy Mariya”, “Boylar ham yig‘laydi” singari Braziliya va Meksika seriallari tomoshabinlar qalbini butunlay zabt etgan, ular hayotining muhim bir bo‘lagiga aylangan edi o‘shanda.

Teleseriallarni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadigan Braziliya olimlarining ta’kidlashicha, seriallar demografik vaziyatning yomonlashuviga, oilaviy ajralishlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Masalan, ommalashgan qaysidir teleserial qahramoni o‘z eri bilan ajrashsa, aholi o‘rtasida ham ajrashishlar soni ko‘payar ekan.

Olimlar teleseriallar orqali aholini tarbiyalash, jamiyatni ichkilikbozlik, fahsh, narkomaniya, xiyonat singari illatlardan tozalash mumkin, deb hisoblaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Oddiy Mariya” teleseriali yuzdan ziyod mamlakatda translatsiya qilingan. Film bosh qahramoni tikishni o‘rganib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygach, tikish mashinkalari sotib olgan, tikuvchilik kurslariga qatnagan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollar soni dunyo miqyosida keskin oshgan ekan.

Bu fikrlarda jon borligi rost. Chunki o‘sha paytlari ajabtovur bir shoir akamiz ham “Men seni sevaman, Mariya Lopes!” deya hayqirib she’r yozgan, bu she’r matbuotda e’lon qilingan edi.

Xullas, yuqorida aytganimdek, teleseriallar atrofida qo‘zg‘algan bahs-munozaralar kundan-kunga keskinlashmoqda. Shuni inobatga olib, bir guruh ziyolilarimiz, aynan ma’naviyat sohasiga daxildor bo‘lgan mutaxassislar, psixologlar va bevosita telekanallar mutasaddilarining bu boradagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Soxta “san’at”ning asiriga aylanmaylik

Jabbor Eshonqul, adabiyotshunos: 

– Global jamiyatda olomon madaniyatini targ‘ib qilishning eng maqbul yo‘li san’at bo‘lib qolmoqda. Soxta “san’at”ga bugun mayl ko‘rsatsak, ertaga mahliyo bo‘la boshlaymiz, keyin esa uning asriga aylanamiz.
Biz qancha kitobxonlik haqida, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy, adabiy merosi haqida gapirmaylik, millionlab tomoshabinlarga ochiqdan ochiq fahshni, xinyonatni, zulm va zo‘ravonlikni targ‘ib etish imkoniyatlari mavjud ekan, bizning sayi harakatlarimiz hech qanday samara bermaydi.
Mamlakat chegaralari qanday muhofazaga muhtoj bo‘lsa, millatning estetik didi, saviyasi, ma’naviyat hududlari ham xuddi shunday muhofazaga muhtojdir. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, mamlakat chegaralari millatning ongu tafakkuri, ma’naviyatidan boshlanadi. Chegarani buzganlarga qanday qonuniy jazo ko‘rilsa, millatning didi, saviyasi, ma’naviyatiga talofat yetkazuvchilarga undan og‘irroq jazo belgilanishi shart.

Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi: 

– O‘tgan asrning 90-yillaridan keyin teleseriallar dunyo bo‘ylab urf bo‘la boshladi. Eslayman, mening o‘zim ham bir necha Meksika seriallarini ketini uzmay ko‘rgandim. Lekin ulg‘aya borib, bunday seriallarning insonga foydasidan ko‘ra ko‘proq zarari borligini fahmlay boshladim.Bu narsa nimalarda ko‘rindi? Nazarimda, avvalo, seriallardagi voqealarning chuchmalligi va haddan tashqari cho‘zilib ketganligi oqibatida ulardan olinadigan badiiy-estetik zavqqa putur yetganida. 

Keyinroq seriallar haqida bir qancha jahon rejissyorlarining fikrlarini o‘qib qoldim: ularning e’tirof etishicha, seriallar teletomoshabinni band qilish uchun ishlab chiqilar ekan. Tovar sifatida. O‘ylay-o‘ylay, axiyri, shunday xulosalarga kela boshladim: to‘g‘ri-da, jahon miqyosida olganda ham yashash sharoiti tobora yaxshilanib, odam degani ko‘payib boryapti. Aslida, yashash sharoitining yaxshilanishi, meditsina xizmatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida o‘rtacha umr ko‘rish darajasi o‘sdi, o‘lim kamaydi, tug‘ilish esa ortdi. Hozirda yer sharida qariyb 7.5 milliard aholi istiqomat qilmoqda. Boshqa tomondan urbanizatsiya darajasi ko‘tarilib boryapti. Aholining katta bir qismi esa nafaqada – uyda, yana bir qismi ishsiz – uyda, yana bir qismi smenadan kelgan – uyda, yana bir qismi kasal – uyda, yana bir qismi esa bolalar – uyda… Tap-tayyor auditoriya degani bu! Demak, uydagi odamlarning bo‘sh vaqtlari bor, ularni nima bilandir band qilish kerak. Natijada kimlarningdir g‘oyalari bilan ssenaristu rejissyorlar yeng shimarib ishga kirishib ketadi: 100, 200, 300, 400 va hatto 500 qismli seriallar ishlab chiqarilib, iste’molga taqdim qilinadi. Bu yoqda och tomoshabinlar armiyasi ham ularni yamlamay yutadi. Yutmasa bo‘lmaydimi? Yo‘q! Sababi – tomoshabinning hayot tarzi, saviyasi shu seriallarni qabul qiladigan darajada. Bu haqda ham o‘ylangan.

Bu bilan men hamma seriallar birdek sifatsiz demoqchi emasman. Aslo! Yaxshilari bor. Hamisha yaxshi seriallar ishlasa bo‘ladi. Faqat buning uchun shu ishga bosh-qosh bo‘layotganlarning professionallik saviyalaridan tashqari, odamlar hayotini yaxshi bilishi, katta bilimga ega bo‘lishi va albatta, u ezgu niyatli bo‘lishi kerak. Bunday seriallar tomoshabinni avvalgi holidan ozgina bo‘lsin yaxshiroq bo‘lishga undashi, yoshlarni esa chinakam inson o‘laroq shakllanishida ko‘maklashishi lozim.

Maqsud Jonixonov, jurnalist: 

– Xorij, ayniqsa, zamonaviy turk seriallaridagi tasvirlarni ko‘rib, odam uyalib ketadi ba’zan. Masalan, “Sevgi iztirobi”ning bir-ikki qismini kuzatib, hayratda qoldim. Qiz aka-ukasi, ota-ona davrasida bemalol ochiq-sochiq o‘tiradi. Hayotidagi muammolarini ikir-chikirigacha aytadi.
Oilaga xiyonat – bu serialning asosiy mavzusi. Film qahramoni eri bo‘la turib, bemalol uning ko‘z oldida boshqa bilan xilvatlarda yurishi, ko‘ngliga siqqanini amalga oshirishi, bir ishning tayini yo‘q, ammo hashamat ichida yashashi bizning yoshlarimizga qanday ta’sir qilayapti ekan? Shundan bo‘lsa kerak, bugun maktab, kollej, litsey o‘quvchilari o‘rtasida qiz talashishlar ortidan pichoqlashishlar kelib chiqmoqda, bir kishini guruh-guruh bo‘lib do‘pposlash avj olayapti.
Ekranga olib chiqilayotgan har bitta tasvirda tarbiya va ibrat bo‘lmas ekan, u buzg‘unchilikka xizmat qilaveradi.

Mana shu seriallarning o‘rniga bir paytlar o‘zimizda ishlangan “Girdob”, “Ichkuyov”, “Abadiyat qonuni” kabi mashhur videofilmlarni bersa bo‘lmasmikan, deb o‘ylab qolaman.

Muhayyo Yo‘ldosheva, filolog: 

– Seriallar muntazam, bir necha oy davomida bir vaqtda qo‘yib borilgani uchun insonni boshqara olish, o‘ziga ergashtirish, dunyoqarashni o‘zgartirish imkoniga ega. Har bir serial televideniye xodimlari tomonidan juda ehtiyot bo‘lib, ming chig‘iriqdan o‘tkazilib tanlanishi shart! 

Afsuski, yaqin o‘n yildan beri bu oltin qoida unutildi. Telekanallarimizni Lotin Amerikasi, Janubiy Korey, Hindiston, Pokiston, Turkiya seriallari egallab oldi.
Men turk seriallariga to‘xtalmoqchiman. Nega? Chunki bu millat bizga ham tili, ham dini jihatdan yaqin – qardosh hisoblanadi. Biz Braziliya yoki Meksika seriallaridagi udumlarga ergashmaymiz. Ammo ildizimiz bir bo‘lgan turklar ishlagan seriallar haqida bunday yengil gapira olmayman. “Zerda”, “Kelin”, “Ishkomli uy”, “Xinoli qor”, “Osiyo”, “Istanbullik kelin”, “Sevgi iztirobi”… Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Afsuski, mana shu seriallar sevgi deb ota-onasi yuziga oyoq bosadigan qizlar avlodini, bu yo‘lda oridanda kechadigan yigitlar safini shakllantirib bo‘ldi. Seriallar nimaga o‘rgatyapti – sevdingmi, sevging uchun har qanday usul bilan bo‘lmasin kurash, bu mumkin, bu uyat, nomus, zino emas, demoqda!

Insonlar serial ko‘rishdan bo‘shagan paytlarida yashamoqda

Hulkar Abdullayeva, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi:

– “Kara sevda” (Sevgi iztirobi) asl mohiyatan ikki kishining bir biriga bo‘lgan samimiy va yuksak tuyg‘ularini ifodalashga qaratilganday… Ammo filmda sevgi uchun kurash niqobi ostida xiyonat turli xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Aka ukaga, singil akaga, er xotinga, xotin erga, ota-onalarning farzandlariga xiyonati.. . Bu har qanday millatning, har qanday dinning tanazzuli emasmi? Aynan shu filmni har kuni oz ozdan bitta g‘oyani singdirib borishi farzandlar tarbiyasini buzmasligiga kafolat bormi? Yo‘q. Ammo haqiqat shundaki, biz bu serialni berilib tomosha qilyapmiz.

Seriallarni sotib olayotgan mutasaddilar avval ularni ko‘rib, mazmunini baholab, saviyasini tekshirib keyin shartnoma tuzmaydimi?

Zebiniso Ahmedova, psixolog: 

– Avvallari bo‘sh vaqt bo‘lsagina televizor ko‘rilardi. Hozir esa ertalabdan to kechgacha televizor o‘chmaydigan oilalar bor! Seriallar yaratilganidan beri insonlar serialdan qolgan bo‘sh vaqtlarida yashay boshladilar.
Televizorni ko‘p tomosha qilish miyaning fikrlash qobiliyati yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Kerak va keraksiz axborotlarni tahlil qilmasdan qabul qilaverish insonni ongsiz “o‘simlik”ka aylantiradi. Ehtimol, shu sabab, uzoq vaqt televizor ko‘rgandan keyin charchoq, kuchsizlik his qilinadi.
Sizga kerak va kerak bo‘lmagan axborotlarni hazm qilar ekansiz, miyangiz o‘z fikrlaringizni emas, o‘sha axborotlarni tahlil qiladi. Bundan ko‘ra, o‘z hayotingiz tahlili muhimroq emasmi?

Kimga otilgan tosh kimga tegyapti?
Abdulxay Otaxo‘jayev, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Kinoteatr” telekanali bosh muharriri: 

-So‘nggi yillarda ishlanayotgan turk seriallari turkiyalik tomoshabinlarning o‘zlarini ham qoniqtirmayapti. Kino – ijod mahsuli. Unda bo‘rttirib, oshirib ko‘rsatish holatlari bo‘lishi tabiiy. Turkiya Yevropaga yaqin davlat. Tabiiyki, bu seriallarda ham seziladi. Ammo Turkiyada yashayotgan odamlarning hayoti kinodagidek emas.
Inson kino ko‘rganida o‘sha mamlakat haqida unda tasavvur paydo bo‘ladi. Rang-barang seriallarni namoyish etish yaxshi albatta. Chunki ularni ko‘rib, yashash tarzimizda, madaniyatimiz, ma’naviyatimizda farq borligini his qilamiz.

Ayni kunlarda bizning kanalimiz orqali “Jasur va Go‘zal” serialini namoyish qilish boshlandi. Iloji boricha ixchamlashtirib, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmaydigan jihatlarini berishga harakat qilyapmiz. Ammo ba’zida xususiy kanallarga otilayotgan tosh bizlarga ham kelib tegayotgani odamni ranjitadi.

Navro‘za Biynazarova, “ZO`R-TV” telekanali bosh muharriri: 

– Ayni kunlarda bizni telekanalimiz orqali “Sevgi iztirobi” nomli turk seriali namoyish etilmoqda. Ushbu serial syujeti juda ham qiziq bo‘lganligi bois tomoshabinlar mehrini qozondi. Serial bizgacha Rossiya, Qozog‘iston singari mamlakatlarda namoyish etilgan, to‘liq varianti internet tarmog‘iga ham joylashtirilgan.

Bu filmni “Romeo va Juletta”ga o‘xshash tomonlari bor. Ya’ni, ikki yoshning sevgisini deb, ikkita oiladagi insonlar taqdiri vayron bo‘ladi. To‘g‘ri, sevgi yoqimli tuyg‘u, har bir inson sevgan kishisiga yetishishni istaydi. Bu serialni namoyish etishdan maqsadimiz, muxlislarga hayotda sevgidan ham kuchli tuyg‘ular, qadriyatlar borligini anglatishdan iborat.

Mana, fikr-mulohazalarni o‘qidingiz. Bu haqda sizning ham o‘z xulosalaringiz borligi aniq. Xo‘sh, siz nima deysiz?

 

Vohid Luqmon, O‘zA