Yoshlar muddatli harbiy xizmatga yo‘l oldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, chaqiriluvchilarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Sh.Usnatdinov, chaqiriluvchining onasi G.Qalimbetova va boshqalar O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar yuksak samaralar berayotgani, milliy armiyamiz saflarida har tomonlama sog‘lom yoshlar kamol topayotganini ta’kidladi.

Tadbirda yoshlarga “Mahalla” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining sovg‘alari topshirildi.

19.jpg

– Muddatli harbiy xizmatga chaqirilganimdan juda xursandman, sababi otam ham bir umr harbiy bo‘lgan, hozir nafaqada. Men ham otam kabi harbiy bo‘lmoqchiman. Mana, bugun dastlabki qadamni tashladim. Keyinchalik harbiy oliy o‘quv yurtiga kirib o‘qish niyatim bor, – deydi Nukus shahridan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Abubakr Abdimuratov.

Tadbir san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Anvar Nasirlayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA