Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari Toshkentga keldi

Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Daniyar Abulgazin hamda qo‘mitaning sport tibbiyoti boshqarmasi boshlig‘i Janbulat Sarsenov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasidan xabar qilishlaricha, mehmonlarni O‘zbekiston MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov hamda bosh kotib Jasur Matjonov kutib oldi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida faoliyat yuritayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish, kerak bo‘lsa undan andoza olish va Qozog‘istonda ham ana shunday markaz tashkil etishni muhokama qilishdan iborat edi.

каз1.jpg

– O‘zbekiston MOQ qoshida faoliyat yuritayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bunday sport tibbiyot majmuasi Markaziy Osiyoda yagona ekanligi ahamiyatlidir. Biz ham Qozog‘istonda sport tibbiyoti bo‘yicha ana shunday markaz tashkil qilishni istaymiz va bu borada O‘zbekiston MOQ bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish istagidamiz, – dedi Daniyar Abulgazin.

Shuningdek, uchrashuv davomida qishki Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilgan tayyorgarlik bo‘yicha fikr almashildi. O‘z navbatida, Qozog‘iston MOQ bosh kotibi qishki sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini Qozog‘istonning tog‘li hududlarida hamkorlikda tashkil qilish taklifi bilan chiqdi.

 

O‘zA