Ahmet Bashar Shen: “Men Oʻzbekistonning eng yaqin doʻsti boʻlib qolaman”

Ahmet Bashar Shen: “Men Oʻzbekistonning eng yaqin doʻsti boʻlib qolaman”

Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi boʻlib kelgan Ahmet Bashar Shenning diplomatik vakolati tugadi. Oʻzbekistonda 2016 yildan beri Turkiya elchisi vazifasini bajarib kelgan Ahmet Bashar Shen 25 oylik faoliyati haqida qisqacha OʻzA muxbiriga intervyu berdi.
“OʻZBЕKISTONDA ISLOHOTLAR DAVOM ETISHI KЕRAK”
Men Oʻzbekistonda ikki yil ishladim. Bu vaqt oraligʻida oʻzbek tilini, madaniyatini oʻrgandim va bir qancha viloyatlarga safar qildim. Oʻzimni Oʻzbekistonda hech qachon xorijlik sifatida his qilmaganman. Bu yerni oʻz uyimdek bilaman. Men elchilik qilgan ikki yil Turkiya va Oʻzbekiston aloqalarining yangilanish davriga toʻgʻri keldi. Bu vaqt oraligʻida koʻp narsa oʻzgardi. Ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining uchrashishi, strategik hamkorlik, qardoshlik munosabatlari mustahkamlanganini alohida taʼkidlash lozim. Bundan keyin 2019 yildan boshlab ushbu oʻrnatilgan strategik hamkorlikning natijalarini koʻramiz. Bundan umidlarimiz katta. Imzolangan shartnomalarni ikki tarafdan Prezidentlar boshqaradi va vazirlar bir-biri bilan uchrashadilar va hamkorlikni kengaytirish uchun harakatni davom ettiradilar.
Har yili Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi savdo hajmi 20-30 foizga oshib bormoqda. 2018 yil yakunida savdo hajmi 2 milliard dollarga yetdi. Men Oʻzbekistonga kelganimda Turkiyaning 400 ga yaqin kompaniyalarining vakolatlari bor edi, ayni vaqtda ular soni 700 dan ziyoddir. Oʻzbekistondagi sharoitni oʻrganayotgan investorlar ham anchagina. Energiya sohasi boʻyicha ham investorlar kelgan. Ular ayni sohada yangi qonunlar, islohotlar amalga oshishini kutmoqda. Shuningdek, Urgut tumani, Angrenda ishlab chiqarish boʻyicha yangi zavodlar qurishni rejalashtirgan bir qancha investorlarimiz ham bor. Shuni aytish joizki, 2018 yilning yarmiga kelib Turkiya iqtisodida roʻy bergan oʻzgarishlar sabab investorlar tashqariga u qadar koʻp chiqmadi. Shuning uchun Oʻzbekistonga turk investorlarining kelishi koʻlami katta boʻlmadi.
Oʻzbekistonda katta islohotlar amalga oshmoqda va ular davom etishi kerak. 2019 yilda islohotlarning samaralari investorlar koʻlamiga taʼsir etishi shubhasiz. Ikki davlat oʻrtasida 50 dan ortiq shartnomalar imzolangan, bu kelgusida aloqalarning rivojlanishiga zamin boʻladi.
Yana bir yaxshi yangiliklardan biri Oʻzbekiston fuqarolari uchun Turkiyada 90 kungacha vizasiz tartibda yurish imkoni yaratilgani boʻldi.
“VODIYNI JUDA YAXSHI KOʻRAMAN”
Biz ikki qardosh davlatlarmiz. Men Oʻzbekistonni juda yaxshi koʻraman. Ikki yil davomida oʻzbek tilini ham oʻrgandim. Oʻzbekistonliklardek samimiy va mehmondoʻst insonlarni hech qayerda uchratmaganman. Bu diyorda oilaga boʻlgan munosabatni juda hurmat qilaman. Sizlarda oilaga kattalarga hurmat juda kuchli. Shuningdek, oilalarda yoshlar tarbiyasi, ularga boʻlgan munosabatni ham alohida etib oʻtishni istardim.
Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Ahmet Shen ikki yil davomida oʻzbek tilini oʻrganishga alohida ahamiyat berdi. U Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti filologi yordami bilan oʻzbek tilidan dars oldi. Bu diplomat sifatida faoliyat yuritayotgan davlat madaniyatiga boʻlgan hurmat belgisidir. Intervyu yakunida “Men Oʻzbekistonni sevdim. Oʻzbekistonda mendan avval ishlab ketgan elchi ham “Oʻzini Oʻzbekistoning eng yaqin doʻsti”, deb biladi. U hozir Turkiya tashqi ishlar vazirligida ishlaydi. Turkiyada Oʻzbekistoning eng yaqin doʻsti deb biluvchilar mana endi ular ikki nafar boʻldi. Men Oʻzbekistonning eng yaqin doʻsti boʻlib qolaman”, deydi Ahmet Bashar Shen.
Maʼlumot oʻrnida: Ahmet Bashar Shenning oʻrniga, Mehmet Sureyya Er Turkiyaning Oʻzbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi boʻlib kelishi aytilmoqda.

 

Anora Sodiqova, OʻzA

  08.01.2019, 09:43  |    466 Просматривали раз

Спасибо!

Теперь редакторы в курсе.